O‘zbekistonda nuqsonli tovarlarni almashtirish jarayonini soddalashtirish va iste’molchilar huquqlarini kuchaytirishga qaratilgan qonun loyihasi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.
Gap “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunning 14-moddasiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritishni nazarda tutuvchi hujjat haqida bormoqda.
Ta’kidlanishicha, amaldagi qonunchilikda nuqsonli mahsulotni almashtirish jarayonida qo‘shimcha tekshiruv o‘tkazish asoslari va tartibi aniq belgilanmagani sabab ayrim hollarda mahsulotni almashtirish muddati asossiz ravishda cho‘zilib ketmoqda.
Qonun loyihasiga ko‘ra, agar iste’molchi mahsulotning ishlab chiqarilishi, tuzilishi yoki tarkibiga oid kamchilikni aniqlasa, sotuvchi yoki ishlab chiqaruvchi ayni markadagi mahsulot mavjud bo‘lgan taqdirda uni darhol almashtirib berishi shart bo‘ladi. Hozirgi tartibda esa bunday mahsulotni almashtirish uchun 7 kun muddat belgilangan.
Hujjat bilan mahsulotni qo‘shimcha tekshiruvdan o‘tkazish mumkin bo‘lgan holatlar ham aniq belgilanmoqda. Jumladan, nuqson mahsulot sotilgandan keyin uni noto‘g‘ri saqlash yoki foydalanish, shuningdek, uchinchi shaxslar harakati oqibatida yuzaga kelgan bo‘lishi mumkinligi tashqi ko‘rinishidan aniqlanmasa, qo‘shimcha tekshiruv tayinlanadi.
Qonun loyihasida mahsulot sifatini tekshirish bilan bog‘liq xarajatlar sotuvchi yoki ishlab chiqaruvchi zimmasiga yuklatilishi nazarda tutilgan. Biroq tekshiruv natijasida mahsulotda nuqson yo‘qligi yoki kamchilik iste’molchining foydalanish qoidalarini buzishi oqibatida yuzaga kelgani aniqlansa, xarajatlarni iste’molchining o‘zi qoplaydi.
Shuningdek, iste’molchining tekshiruv jarayonidagi huquqlari ham alohida belgilanmoqda. U shaxsan yoki vakili orqali tekshiruvda ishtirok etishi, tekshiruv vaqti hamda joyi haqida oldindan xabardor qilinishi, shuningdek, o‘z mablag‘i hisobidan mustaqil ekspertiza o‘tkazishni talab qilishi mumkin bo‘ladi.
Qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilinib, ko‘rib chiqish uchun O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatiga yuborildi.