Uzbekistan Airports Toshkent xalqaro aeroporti hududidagi avtoturargohlarni ijaraga berish bo‘yicha lotni E-auksion.uz elektron savdo platformasiga joylashtirdi.

Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, umumiy maydoni 40 ming kvadrat metrdan ortiq bo‘lgan va qariyb 1,5 mingta avtomobilni sig‘dira oladigan oltita avtoturargoh — P1, P3, P4, P5, P7 va P8 ijaraga beriladi. Ular 3 yil muddatga topshirilib, loyiha nafaqat boshqaruvni, balki infratuzilmani to‘liq rivojlantirishni ham o‘z ichiga oladi.

Qayd etilishicha, loyiha yo‘lovchilar uchun qulaylikni oshirishga qaratilgan. Jumladan, turargohlarda raqamli navigatsiya, bo‘sh joylarni ko‘rsatuvchi elektron tablolar, qo‘shimcha to‘lov usullari va elektromobillar uchun quvvatlash stansiyalarini joriy etish rejalashtirilgan.

Bo‘lajak operator turargohlarning 24/7 ishlashini ta’minlashi, ularni qo‘riqlashi va xizmat ko‘rsatishi, shuningdek, rekonstruksiya, kengaytirish hamda obodonlashtirish ishlariga investitsiya kiritishi kerak bo‘ladi.

Asosiy talablardan yana biri — to‘liq raqamlashtirish. Operator avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimini joriy etishi, avtomobil raqamlarini aniqlovchi tizim va shlagbaumlar o‘rnatishi, onlayn to‘lovlar hamda joylarni oldindan band qilish imkonini beruvchi mobil servisni yo‘lga qo‘yishi lozim.

Ijara haqi ikki qismdan iborat bo‘ladi: auksionda aniqlanadigan qat’iy summa va tushumning 5 foizi miqdoridagi o‘zgaruvchan qism. Shu bilan birga, operator faoliyatning shaffofligini ta’minlash maqsadida hisobotlar va hisob tizimlariga kirish imkonini taqdim etishi shart.

Lotning boshlang‘ich narxi yiliga 48 milliard 778 million 800 ming so‘m etib belgilangan. Auksion savdolari 2026-yil 19-may kuni o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Categorized in:

Biznes, Mahalliy,

Last Update: 04/05/2026