O‘ta yirik miqdordagi firibgarlikni sodir etgani uchun qidiruvda bo‘lgan o‘zbekistonlik Tbilisida qo‘lga olinib, O‘zbekistonga ekstraditsiya qilindi. Bu haqda Interpolning O‘zbekistondagi Milliy markaziy byurosi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Tbilisidagi Interpol Milliy markaziy byurosi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida qidiruvdagi shaxsning joylashgan manzili aniqlanib, u qo‘lga olingan.
Shundan so‘ng Gruziya Adliya vazirligi tomonidan O‘zbekiston Bosh prokuraturasining ekstraditsiya bo‘yicha iltimosnomasi qanoatlantirilgan.
Natijada mazkur shaxs Interpolning O‘zbekistondagi Milliy markaziy byurosi xodimlari ishtirokida Toshkentga olib kelindi. Unga nisbatan keyingi protsessual harakatlar o‘tkazilib, O‘zbekiston qonunchiligiga muvofiq javobgarlikka tortilishi rejalashtirilmoqda.