Samarqand viloyatida 70 yoshli fuqaroning vafoti yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati rahbari Hayot Shamsutdinov ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, hodisa Samarqand tumani hududida yuz bergan. Marhumning o‘g‘li so‘zlariga ko‘ra, II-guruh nogironi bo‘lgan va so‘nggi paytlarda Alzheimer kasalligi bilan og‘rib kelgan otasi 10-aprel kuni bedarak yo‘qolgan.
Bir sutkalik qidiruvlardan so‘ng u Samarqand shahar IIB tomonidan Samarqand tumani ruhiy xastalar shifoxonasiga olib borilgani aniqlangan.
Marhumning yaqinlari uni o‘sha kuniyoq olib ketmoqchi bo‘lgan, biroq dam olish kuni bo‘lgani sababli shifokorlar bemorni faqat ish kuni — dushanba kuni rahbar ruxsati bilan chiqarish mumkinligini bildirgan. Keyinchalik u uyiga olib ketilgan.
Marhumning o‘g‘li bemorga shifoxonada kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari qo‘llanganini, u uyga qaytgach ahvoli og‘irlashib, 14-aprel kuni vafot etganini bildirgan.
Bosh prokuratura ma’lumotiga ko‘ra, holat yuzasidan sud-tibbiy ekspertiza tayinlangan. Tekshiruv harakatlari har tomonlama, to‘liq va xolisona olib borilib, yakuniga ko‘ra qonuniy qaror qabul qilinadi.