O‘zbekistonda 2026-yilning birinchi choragida energiya resurslaridan noqonuniy foydalanish oqibatida davlat manfaatlariga 196 milliard so‘m zarar yetkazildi. Bu haqda O‘zenergoinspeksiya matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, o‘tkazilgan nazorat tadbirlari davomida energiya resurslaridan noqonuniy foydalanish bo‘yicha 885 ta holat aniqlangan. Jumladan, elektr energiyasi bo‘yicha 94,4 milliard so‘mlik (49,7 million kVt·soat), tabiiy gaz bo‘yicha esa 101,6 milliard so‘mlik (34,6 million kub metr) resurslar talon-toroj qilingan.
Shuningdek, energiya resurslaridan foydalanish qoidalarini buzish bilan bog‘liq 1 599 ta ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan.
Neft mahsulotlari sifati ustidan o‘tkazilgan nazoratlarda ham qator kamchiliklar aniqlangan. AYQSHlar va korxonalardan olingan namunalar tahlilida 180 ta holatda jami 4 058 tonna sifatsiz neft mahsuloti aniqlanib, ularni sotuvga chiqarishning oldi olingan.
Bundan tashqari, quvvati 50 kW va undan yuqori bo‘lgan iste’molchilarga berilgan ko‘rsatmalar ijrosi doirasida 2 293 ta iste’molchida reaktiv energiyani kompensatsiya qilish qurilmalari o‘rnatilgan. Natijada 19,4 million kVt·soat elektr energiyasini tejashga erishilgan.
Ko‘rsatmalarni bajarmagan 11 nafar iste’molchiga nisbatan esa ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan.