Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda inflyatsiyani joriy yilda 6–6,5 foiz doirasida saqlab qolish eng muhim vazifalardan biri ekani ta’kidlandi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Yig‘ilishda jahon bozorida neft narxining keskin oshishi transport va neft-kimyo mahsulotlari tannarxiga ta’sir ko‘rsatayotgani qayd etildi. Shuningdek, poliyetilen va polipropilen narxlarida ham o‘sish kuzatilayotgani bildirildi.
Shu munosabat bilan asosiy oziq-ovqat mahsulotlari importini barqaror yo‘lga qo‘yish, transport-logistika masalalarini hal etish hamda muqobil yo‘laklardan foydalanish bo‘yicha tezkor choralar ko‘rish topshirildi. Tadbirkorlarning xomashyo, bozor va kredit bilan bog‘liq muammolarini oldindan hal etish zarurligi alohida ta’kidlandi.
Yig‘ilishda eksportchilarning asosiy muammolaridan biri sifatida transport-logistika tizimidagi uzilishlar va yuk tashish xarajatlarining oshib borayotgani ko‘rsatib o‘tildi. Shu bois qo‘shni davlatlar bilan hamkorlikni kuchaytirish, oziq-ovqat mahsulotlarini aviatashuv orqali eksport qilish hamda tadbirkorlar uchun arzonlashtirilgan tariflarni joriy etish vazifasi belgilandi.
Xorijiy investitsiyalar masalasi ham muhokama qilinib, global vaziyat ayrim loyihalarga ta’sir ko‘rsatishi mumkinligi bildirildi. Shu sabab har bir investitsiya loyihasini muntazam tahlil qilish va investorlar bilan doimiy muloqotni yo‘lga qo‘yish topshirildi.
Shuningdek, bank-moliya sohasida biznesni qo‘llab-quvvatlash uchun ajratilayotgan kreditlar dinamikasi ko‘rib chiqildi. Prezident hozirgi ijobiy ko‘rsatkichlarga qaramay, rahbarlar xotirjamlikka berilmasligi, xavf-xatarlarni oldindan baholab, muammolarga tezkor yechim topishi zarurligini ta’kidladi.
Mas’ullarga inflyatsiyani jilovlash, sanoat va eksport ko‘rsatkichlarini ta’minlash, investitsiya loyihalarini jadallashtirish hamda bank tizimi va qurilish dasturlaridagi muammolarni bartaraf etish yuzasidan aniq topshiriqlar berildi.