O‘zbekiston va Mo‘g‘uliston istiqbolli uran konlarida geologiya-qidiruv ishlarini olib borishga kelishib oldi. Bu haqda Navoiyuran davlat korxonasi axborot xizmati ma’lum qildi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Navoiyuran hamda Uzbek Overseas Geology Company delegatsiyasi Mo‘g‘ulistonga amaliy tashrif bilan borib, Mon Atom davlat kompaniyasi vakillari bilan muzokaralar o‘tkazgan. Uchrashuvda 2026-yilda Mo‘g‘ulistondagi istiqbolli uran konlarida geologiya-qidiruv ishlarini boshlash masalalari muhokama qilingan.

Tomonlar Uzbek Overseas Geology Company va Mon Atom o‘rtasida xizmat ko‘rsatish bo‘yicha strategik shartnoma imzolashni rejalashtirmoqda. Shuningdek, istiqbolli uran konlari bo‘yicha geologik hamda ekologik loyiha hujjatlarini ishlab chiqish va litsenziya olish uchun zarur hujjatlarni Mo‘g‘ulistonning vakolatli organlariga taqdim etish masalalari ko‘rib chiqilgan.

Qayd etilishicha, litsenziyalar rasmiylashtirilgandan so‘ng geologiya-qidiruv ishlarini amalga oshirish uchun Mo‘g‘ulistonda faoliyat yuritayotgan burg‘ulash va geofizika kompaniyalari bilan shartnomalar tuzish bo‘yicha muzokaralar olib borilmoqda.

Dastlabki bosqichda ajratilgan maydonlarda qariyb 60 ming pogon metr hajmda kompleks burg‘ilash ishlarini amalga oshirish rejalashtirilgan. Olingan natijalar asosida konlarning potensial zaxiralari baholanadi hamda keyingi bosqichdagi geologiya-qidiruv ishlari dasturi ishlab chiqiladi.

Avvalroq O‘zbekiston konchilari Afg‘onistonda ham uglevodorod qazilmalarini qidirish va geologiya-qidiruv ishlarini boshlagani ma’lum qilingandi. Mazkur loyiha ham Uzbek Overseas Geology Company tomonidan amalga oshirilmoqda.

Categorized in:

Mahalliy,

Last Update: 06/03/2026