Baxtiyor Saidov Sayyid Abbos Aroqchi bilan telefon orqali muloqot qildi. Bu haqda vazir o‘zining Telegram kanalida ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, suhbat davomida so‘nggi voqealar oqibatida tinch aholi orasida qurbonlar bo‘lgani munosabati bilan Eron tomoniga ta’ziya izhor etilib, jabrlangan oilalarga hamdardlik bildirildi. O‘zbekiston tomoni insoniy yo‘qotishlarni chuqur taassuf bilan qabul qilganini qayd etgan.

Tomonlar mintaqadagi vaziyatni muhokama qilib, har qanday keyingi keskinlashuv jiddiy gumanitar va xavfsizlik oqibatlariga olib kelishi mumkinligini ta’kidlagan. Shuningdek, vaziyatni barqarorlashtirish muhim ekani qayd etilgan.

Suhbat yakunida barcha kelishmovchilik va nizolar faqat tinch yo‘l bilan — muloqot va diplomatiya orqali hal etilishi lozimligi haqidagi qat’iy va izchil pozitsiya yana bir bor tasdiqlangan.

Avvalroq, 2-mart kuni Baxtiyor Saidov qator Yaqin Sharq davlatlari tashqi ishlar vazirlari bilan ham telefon orqali muloqot qilgandi. U Qatar, BAA, Kuvayt va Bahrayn TIV rahbariyati bilan mintaqadagi vaziyat yuzasidan fikr almashgan.

Categorized in:

Mahalliy, Yangiliklar,

Last Update: 03/03/2026