Rossiyada 7-qavatdan yiqilgan 6 yoshli bolaning hayotini saqlab qolgan o‘zbekistonlik Xayrullo Ibodullayevga O‘zbekistonga qaytish uchun aviachipta sovg‘a qilindi. Bu haqda Migratsiya agentligi xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, 24-fevral kuni Sankt-Peterburg shahridagi O‘zbekiston bosh konsulxonasida Xayrullo Ibodullayevni taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tgan. Unda unga “Jasorat” medali topshirilgan. Ibodullayev prezident e’tiboriga tushganidan nihoyatda xursand ekanini bildirib, bu voqeani o‘zi uchun katta sharaf, deya baholagan.

Qahramonlik harakatidan so‘ng Ibodullayevning qo‘llari jarohat olgani va hozirda shifoxonada davolanayotgani aytildi. Turmush o‘rtog‘ining so‘zlariga ko‘ra, dastlab u juda xavotirga tushgan, biroq bolaning hayoti saqlab qolingani haqida eshitgach, bundan faxrlangan. Qutqarib qolingan bolaning ahvoli hozirda yaxshi ekani ham qayd etildi.

Shuningdek, Xayrullo Ibodullayev 2025-yilda ham yosh bolaga qon topshirib, uning hayotini saqlab qolishga hissa qo‘shgani ma’lum qilindi. Oila a’zolari uning sog‘-salomat holda vatanga qaytishini tilab, ko‘rsatilgan e’tibor va qo‘llab-quvvatlash uchun minnatdorlik bildirdi.

Categorized in:

Mahalliy,

Last Update: 25/02/2026