O‘zbekistonda Tojikiston kapitali ishtirokidagi korxonalar soni bir yil ichida 95 taga ko‘paydi. Bu haqda Statistika qo‘mitasi ma’lumot berdi.
Qayd etilishicha, 2026-yil 1-fevral holatiga ko‘ra, O‘zbekiston hududida Tojikiston biznes vakillari sarmoyasi asosida 410 ta korxona faoliyat yuritmoqda. Taqqoslash uchun, 2025-yilning mos davrida bu ko‘rsatkich 315 tani tashkil etgan.
Hozirda tojik kapitali ishtirokidagi korxonalarning 102 tasi qo‘shma, 308 tasi esa xorijiy korxona hisoblanadi. Ularning eng katta qismi savdo sohasida faoliyat yuritmoqda — 144 ta. Shuningdek, sanoat yo‘nalishida 89 ta, qurilish sohasida esa 43 ta korxona mavjud.
Bundan tashqari, axborot va aloqa sohasida 33 ta, yashash va ovqatlanish xizmatlarida 23 ta korxona ishlamoqda. Tashish va saqlash yo‘nalishida 16 ta, sog‘liqni saqlash hamda ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish sohasida 11 ta, qishloq, o‘rmon va baliq xo‘jaligida esa 5 ta korxona faoliyat olib bormoqda. Yana boshqa tarmoqlarga to‘g‘ri keladigan 57 ta korxona ham mavjud.
Ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yil 1-fevral holatiga O‘zbekistonda chet el investitsiyalari ishtirokida jami 18 513 ta korxona ro‘yxatga olingan. Ulardan 4 282 tasi qo‘shma, 14 231 tasi esa xorijiy korxonalar hisoblanadi.