O‘zbekistonda avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchalarida (AYQSH) yonilg‘i sifatini joyida tekshirish imkonini beruvchi maxsus qurilmalar o‘rnatilishi rejalashtirilmoqda. Bu haqda Shavkat Mirziyoyevning 16-fevral kuni imzolangan 2026-yilgi davlat dasturi to‘g‘risidagi farmonida belgilangan.

Hujjatda qayd etilishicha, mazkur qurilmalar iste’molchilarga neft mahsulotlari sifatini mustaqil ravishda tekshirish imkonini beradi. Uskunalarni o‘rnatish jarayoni 2026-yildan boshlanib, 2030-yilga borib respublika bo‘yicha barcha zapravkalarni to‘liq qamrab olishi ko‘zda tutilgan.

Rejalarga muvofiq, 2026-yil yakuniga qadar qamrov darajasi 10 foizga yetkaziladi. 2027-yilda bu ko‘rsatkich 25 foizni, 2028-yilda 50 foizni, 2029-yilda 75 foizni tashkil etishi, 2030-yilda esa barcha AYQSHlarda bunday uskunalar o‘rnatilishi belgilangan.

Mazkur vazifani amalga oshirish bo‘yicha mas’ul tashkilot etib Elektr energiyasi, neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi belgilandi.

Mazkur chora-tadbirlar yoqilg‘i sifati ustidan jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, iste’molchilar huquqlarini himoya qilish hamda neft mahsulotlari bozorida shaffoflikni oshirishga qaratilgan.

Categorized in:

Mahalliy,

Last Update: 20/02/2026