Shavkat Mirziyoyev ayollar va bolalarga nisbatan zo‘ravonlik uchun jazoni kuchaytirish, shuningdek, pedofiliya jinoyati uchun umrbod ozodlikdan mahrum etish jazosini joriy etish tashabbuslarini qo‘llab-quvvatladi.
Ma’lum qilinishicha, davlat dasturi doirasida ushbu yo‘nalish bilan birga ipoteka va elektromobil xaridi uchun kredit mexanizmlarini takomillashtirish, qayta tiklanuvchi energiya manbalari ulushini 30 foizga yetkazish, korrupsiyaga qarshi kurashni yangi bosqichga olib chiqish, jinoyat ishlari bo‘yicha sudlarda xalq vakillari hay’ati ishtirokini yo‘lga qo‘yish kabi qator muhim tashabbuslar ham ma’qullangan.
Shuningdek, mahalla mablag‘lari sarfi yuzasidan ochiq hisobdorlikni kuchaytirish, mahallalarda ichki yo‘llar, piyodalar va veloyo‘laklar tashkil etish, biznes-inkubatorlar yaratish, sanoat zonalari huzurida kasbiy qayta tayyorlash markazlari ochish, daraxt kesish uchun javobgarlikni qat’iylashtirish, energiya samaradorligi bo‘yicha KPI joriy etish hamda chiqindilarni utilizatsiya va qayta ishlash tizimini rivojlantirish bo‘yicha takliflar ham ijobiy baholangan.
“Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish” yiliga mo‘ljallangan islohotlar dasturi hamda “O‘zbekiston — 2030” strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha davlat dasturi loyihasida ayollar va bolalarga nisbatan zo‘ravonlikning barcha ko‘rinishlariga barham berish, bu borada jamiyatda murosasiz muhitni shakllantirishga qaratilgan yangi chora-tadbirlar belgilanishi nazarda tutilgan.
Bundan tashqari, voyaga yetmaganlarga nisbatan sodir etilgan jinsiy va zo‘ravonlikka oid jinoyatlarni tergov qilish prokuratura organlarining mutlaq vakolatiga o‘tkazilishi rejalashtirilmoqda. Shuningdek, voyaga yetmaganlar va xotin-qizlarga nisbatan tazyiq hamda zo‘ravonlik bilan bog‘liq ishlarni tergov qilish va ko‘rib chiqishga ixtisoslashgan, maxsus tayyorgarlikdan o‘tgan tergovchi va sudyalar faoliyati yo‘lga qo‘yilishi ko‘zda tutilgan.