Tailand hukumati mamlakatga vizasiz kirishga ruxsat etilgan xorijliklarning bo‘lish muddatini 60 kundan 30 kungacha qisqartirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Bangkok Post nashri xabar berdi.
Rasmiylarga ko‘ra, mazkur chora Tailandga noqonuniy faoliyat maqsadida kelayotgan xorijliklarga qarshi kurashni kuchaytirishga xizmat qiladi. Turizm va sport vazirligi vakili **Natriya Taveevong**ning ta’kidlashicha, ushbu o‘zgarish turizm sohasiga jiddiy ta’sir ko‘rsatmaydi.
“Chet ellik sayyohlar Tailandda o‘rtacha 21 kundan ortiq qolmaydi. Agar kimdir 30 kundan ko‘proq qolishni istasa, amaldagi tartibga muvofiq bo‘lish muddatini uzaytirish uchun ariza topshirishi mumkin”, — dedi u.
Vazirlik vakili, shuningdek, yangi hukumat hali to‘liq shakllanmagan bo‘lsa-da, amaldagi muvaqqat hukumat bunday o‘zgarishlarni tasdiqlash vakolatiga egaligini qayd etdi.
Hozirda Tailandga qisqa muddatli tashriflar uchun vizasiz kirish mumkin bo‘lgan davlatlar ro‘yxatida 93 ta mamlakat, jumladan, O‘zbekiston ham mavjud. Ushbu dastur 2024-yil o‘rtalarida sayyohlar oqimini oshirish maqsadida joriy etilgan bo‘lib, xorijliklarga 60 kungacha vizasiz bo‘lish imkonini bergan edi.
Tailand sayyohlik agentliklari assotsiatsiyasi prezidenti **Thanapol Cheevarattanaporn**ning aytishicha, assotsiatsiya bo‘lish muddatini qisqartirish tashabbusini qo‘llab-quvvatlagan.
“Bu taklif 2025-yildan buyon sayyohlik operatorlari tomonidan ilgari surilgan. Maqsad — xorijiy jinoiy faoliyatni kamaytirish va Tailand turizmining xavfsiz imijini mustahkamlash”, — dedi u.
Ma’lumot o‘rnida, Tailand hukumati Hindistonda o‘limga olib keluvchi nipah virusi tarqalishi sabab mamlakatning asosiy aeroportlarida tibbiy nazoratni kuchaytirgan. Suvarnabxumi aeroporti, Don Muang aeroporti va **Pxuket aeroporti**da Hindistondan kelayotgan yo‘lovchilar tekshiruvdan o‘tkazilmoqda.
Mazkur chora-tadbirlar 25-yanvardan Kasalliklarni nazorat qilish departamenti qarori bilan joriy etilgan bo‘lib, tekshiruvlar tana haroratini o‘lchash va joyida tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishni o‘z ichiga oladi.