Prezident Shavkat Mirziyoyev 9-fevral kuni Navoiy xalqaro aeroporti faoliyati samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qarorni imzoladi.
Qarorga ko‘ra, Navoiy xalqaro aeroportini havo, temiryo‘l va yerusti transporti yo‘nalishlarini o‘zaro bog‘lovchi xalqaro multimodal logistika xabiga aylantirish orqali mamlakatning eksport va tranzit salohiyatini oshirish, shuningdek, mahalliy va xorijiy aviatashuvchilar uchun qulay sharoitlar yaratish maqsad qilingan.
Hujjatda Navoiy xalqaro aeroporti Uzbekistan Airports’ning markazlashgan boshqaruvidan ajratilib, loyihaviy boshqaruv tamoyillari asosida rivojlantirilishi belgilangan. Natijada bir qator muhim ko‘rsatkichlarga erishish rejalashtirilmoqda.
Xususan, 2030-yilga kelib aeroportda amalga oshiriladigan parvozlar sonini 2,3 barobarga oshirib, yiliga 7 mingtagacha yetkazish, yo‘lovchi tashish hajmini yiliga 150 ming nafarga, yuk tashish hajmini esa 45 ming tonnaga yetkazish ko‘zda tutilgan. Shuningdek, 2026-yildan boshlab Birlashgan Arab Amirliklari, Turkiya va Xitoydan pochta-kuryerlik hamda tijorat yuklarini tashish bo‘yicha aviaqatnovlar sonini haftasiga 3 taga yetkazish rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, aeroport hududida 2028-yil yakuniga qadar havo kemalariga texnik xizmat ko‘rsatish, ta’mirlash va bo‘yash bo‘yicha alohida markaz tashkil etiladi. Amaldagi yonilg‘i-moylash materiallari ombori va yuk terminali infratuzilmasini modernizatsiya qilish, mavjud quvvatlardan to‘liq foydalanish sharti bilan sig‘imi 10 ming tonnali rezervuarlar hamda 16 ming kvadrat metr maydonga ega yangi yuk terminalini barpo etish ham rejalarga kiritilgan.
Mazkur chora-tadbirlar Navoiy xalqaro aeroportining mintaqaviy va xalqaro logistika tizimidagi o‘rnini mustahkamlashi kutilmoqda.