Qashqadaryo va Toshkent viloyatlarida giyohvandlik vositalari savdosi bilan shug‘ullangan shaxslar qo‘lga olindi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, Toshkent viloyatining Ohangaron tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida dala maydoniga avvalroq narkokuryerlar tomonidan yashirib ketilgan 4 kilo 935 gramm “Alfa-PVP” sintetik giyohvandlik vositasini olib ketayotgan Toshkent shahrida yashovchi, 1984-yilda tug‘ilgan shaxs ushlandi. Tekshiruvlarda u internet orqali faoliyat yurituvchi narkodo‘konda omborchi sifatida ishlagani, giyohvand moddalarni “zakladka” usulida yashirilgan joylardan olib, bo‘laklarga ajratgan holda respublikaning turli hududlariga tarqatib kelgani aniqlangan.

Shuningdek, Toshkent shahrining Yangihayot tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda Olmazor tumanida istiqomat qiluvchi, 1981-yilda tug‘ilgan, muqaddam giyohvandlik vositalari savdosi bilan bog‘liq jinoyati uchun sudlangan shaxsning yonidan 9 kilo 829 gramm gashish topilgan.

Qashqadaryo viloyatida aniqlangan holatda esa Qarshi shahrida yashovchi, 1959-yilda tug‘ilgan fuqaroning xonadoni belgilangan tartibda ko‘zdan kechirilgan. Natijada u yerda qo‘shni davlatlardan keltirilgan 4 kilo 652 gramm opiy, 380 gramm gashish va 492 gramm marixuana kelgusida sotish maqsadida saqlab kelingani ma’lum bo‘lgan.

Mazkur uch holat yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, gumonlanuvchilarga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llangan.

Categorized in:

Mahalliy,

Last Update: 06/02/2026