O‘zbekistonda ovchilik guvohnomasini olish tartibi o‘zgartirilishi mumkin. Endilikda ovchi bo‘lish uchun maxsus o‘quv kursini tamomlash majburiy etib belgilanishi ko‘zda tutilmoqda.
2-fevral kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasida siyosiy partiyalar fraksiyalari yig‘ilishlarida ov qilish va ovchilik xo‘jaliklari faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi birinchi o‘qishda muhokama qilindi.
Qonun loyihasida ov qilish tartiblarini aniq belgilash, ovchilarni tayyorlash tizimini takomillashtirish, sohada zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy etish, shuningdek, yovvoyi hayvonlarni muhofaza qilish va ularning tabiiy ko‘payishi uchun sharoit yaratish nazarda tutilgan.
Taklifga ko‘ra, ovchilik guvohnomasi 18 yoshga to‘lgan va maxsus o‘quv kursini o‘qib tugatgan fuqarolarga 2 yil muddatga beriladi.
Muhokamalar chog‘ida O‘zbekiston Ekologik partiyasi Markaziy kengashi ijroiya qo‘mitasi raisi Abdushukur Xamzayev ovchilikka munosabatni qayta ko‘rib chiqish zarurligini ta’kidladi. Uning fikricha, ovchilik bugun daromad manbai emas, balki ko‘ngilochar mashg‘ulot bo‘lib, tabiatga bosimni kamaytirish vaqti kelgan.
Shuningdek, u Qizil kitobga kiritilgan kamyob va yo‘qolib borayotgan hayvonlarni faqat ilmiy maqsadlardan tashqari barcha hollarda ovlashni qat’iyan taqiqlash zarurligini bildirdi.
Muhokamalar yakunida fraksiya a’zolari tomonidan qonun loyihasini yanada takomillashtirish bo‘yicha takliflar berildi va loyiha birinchi o‘qishda qo‘llab-quvvatlandi.