O‘zbekistonda 2026-yilda bolalar nafaqasi miqdorini oshirish rejalashtirilmoqda. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi departament direktori Sherzod Mehamedov jurnalistlar bilan muloqotda ma’lum qildi, deya xabar berdi “Daryo”.

Uning aytishicha, nafaqa miqdori inflyatsiya darajasidan kam bo‘lmagan miqdorda oshiriladi. Qayd etilishicha, 2022–2023-yillarda respublikada deyarli har uch oiladan biri bolalar nafaqasi olgan, hududlar kesimida esa ayrim joylarda oilalarning qariyb 30 foizi kam ta’minlangan oilalar uchun ajratiladigan yordamdan foydalangan.

“Avval bunday ko‘lam sabab nafaqa miqdorini oshirish imkoniyati bo‘lmagan. Keyinchalik ijtimoiy yordamning manzilliligi kuchaytirildi, tizim raqamlashtirildi va mezonlar qayta ko‘rib chiqildi. Natijada mablag‘lar faqat haqiqatan yordamga muhtoj oilalarga yo‘naltirilmoqda. 2025-yilda bolalar nafaqasi inflyatsiyadan kam bo‘lmagan darajada indeksatsiya qilindi”, dedi vazirlik vakili.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 2025-yil dekabr holatiga yillik inflyatsiya darajasi 7,3 foizni tashkil etgan.

Shuningdek, Sherzod Mehamedov bolalar nafaqasi va boshqa ijtimoiy yordamlar aholining asosiy daromadini to‘liq qoplash uchun emas, balki qo‘shimcha moliyaviy ko‘mak sifatida berilishini ta’kidladi.

Categorized in:

Mahalliy,

Last Update: 02/02/2026