27-yanvar kuni tashkil etilgan prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokidagi yig‘ilishda ichki ishlar tizimidagi kadrlar qo‘nimsizligiga barham berish masalasi ko‘tarildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, yig‘ilishda malakali va fidoyi kadrlarni rag‘batlantirish doimiy eʼtiborda bo‘lishi taʼkidlangan.
Ichki ishlar vazirligi milliardlab pullarni faqat qurilish va texnika uchun so‘rayotgani, lekin pastdagi xodimlarni dardini ko‘tarib chiqmayotgani qayd etildi. Yuzdan ortiq profilaktika inspektorlari bilan suhbatlar o‘tkazilganda ularning moddiy va ijtimoiy muammolari to‘planib qolgani maʼlum bo‘ldi, deyiladi xabarda.
Yig‘ilishda profilaktika inspektorlarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yangiliklar eʼlon qilingan. Jumladan, 2026-yil 1-iyuldan poytaxtdagi profilaktika xodimlariga ko‘p yillik staji uchun 5 million so‘mgacha oylik ustama beriladi. 1-fevraldan yuridik oliygohni bitirib, ichki ishlar tizimiga ishga kirganlarga oliygohda o‘qigan davri ham stajga qo‘shiladi.
Viloyatdan kelib, poytaxt ichki ishlar idoralarida ishlayotgan xodimlarning uy ijarasiga oylik to‘lov 1,8 million so‘mdan 3,1 million so‘mga oshiriladi. Shu bilan birga, 1-fevraldan ichki ishlar xodimlari uchun qurilayotgan uylarning 30 foizi faqat profilaktika inspektorlariga beriladi.