Jahon banki ijrochi direktorlar kengashi 22-yanvar kuni “Markaziy Osiyoda elektr energiyasi bozorini rivojlantirish va energiya tizimlari integratsiyasi” dasturini tasdiqladi. Bu haqda bank matbuot xizmati maʼlum qildi.

Qayd etilishicha, uni amalga oshirish 10 yil davom etadi. Dastur Markaziy Osiyoda birinchi mintaqaviy elektr energiyasi bozorini yaratish, savdoni rivojlantirish, elektr uzatish tizimlarining oʻtkazuvchanlik qobiliyatini kengaytirish va qayta tiklanadigan energiya manbalarining mintaqa mamlakatlari energiya tizimlariga keng koʻlamli integratsiyasi uchun asos yaratishga qaratilgan.

REMIT dasturini moliyalashtirishning umumiy taxminiy hajmi 1,018 milliard dollarni tashkil etadi. U uch bosqichga boʻlinadi. Birinchi bosqichda Qirgʻiziston, Tojikiston va Oʻzbekiston, shuningdek, Markaziy Osiyo davlatlarining “Energiya” muvofiqlashtiruvchi-dispetcherlik markaziga 143,2 million dollarlik grantlar va imtiyozli kreditlar ajratiladi.

Birinchi bosqich doirasida energiya tarmogʻiga 900 MVt ga yaqin yangi toza energiya quvvatlarining integratsiyalashuvi taʼminlanishi kutilmoqda, bu esa qariyb 700 million dollar xususiy investitsiyalarni jalb qilish imkonini beradi. Qayd etilgan chora-tadbirlar ushbu jadal rivojlanayotgan mintaqada yanada ishonchli va integratsiyalashgan energiya tizimi uchun poydevor yaratadi, degan Jahon bankining Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasida infratuzilma masalalari boʻyicha direktori Charlz Korme.

 

Ushbu mablagʻlarning 140 million dollari Jahon bankining Xalqaro taraqqiyot assotsiatsiyasi (XTA) resurslaridan va 3,2 million dollari esa Markaziy Osiyo suv va energetika dasturi (CAWEP) grantlari koʻrinishida beriladi.

Mintaqada elektr energiyasiga boʻlgan talab 2050-yilga borib uch barobar oshishi mumkin. Bunda energiya xavfsizligi va hamyonbopligini oshirish uchun imkon borligiga qaramay, Markaziy Osiyoda elektr energiyasi savdosi hali ham cheklanganligicha qolmoqda. Hozirda savdo elektr energiyasiga boʻlgan umumiy talabning atigi 3 foizini tashkil etadi.

Shu bilan birga, mintaqa bir-birini toʻldiruvchi va boy toza energiya resurslariga ega boʻlsa-da, qayta tiklanadigan energiya manbalari elektr energiyasi ishlab chiqarishning atigi 4 foizini egallaydi.

REMIT dasturi mintaqaning bir-birini toʻldiruvchi energiya resurslaridan, jumladan, Qirgʻiziston va Tojikistondagi gidroenergetika, Qozogʻiston, Turkmaniston va Oʻzbekistondagi issiqlik elektr stansiyalarida energiya ishlab chiqarish, shuningdek, Markaziy Osiyoning barcha mamlakatlarida oʻsib borayotgan quyosh va shamol energiyasi salohiyatidan foydalanishga qaratilgan.

Keyingi oʻn yil ichida REMIT dasturi elektr energiyasi savdosi hajmini yiliga kamida 15 000 GVt soatgacha oshirishga yordam beradi — bu butun Markaziy Osiyo boʻylab millionlab odamlarning yillik ehtiyojlarini qondirish uchun yetarli boʻladi.

U elektr uzatish liniyalarining oʻtkazuvchanlik quvvatini 16 GVt gacha — 3 baravardan koʻproqqa oshirishga va mintaqa mamlakatlarining energiya tizimlariga 9 GVt gacha toza energiya quvvatlarini integratsiya qilishga yordam beradi.

Mintaqaviy energetika integratsiyasini mustahkamlash yanada muvozanatli va barqaror energiya tizimini yaratish, elektr taʼminotidagi uzilishlarni kamaytirish, uy xoʻjaliklari va biznes uchun energiya narxini pasaytirish imkonini beradi.

2050-yilga kelib, kengroq energiya integratsiyasi va elektr savdosini rivojlantirish mintaqaga 15 milliard dollargacha iqtisodiy foyda keltirishi mumkin, degan Jahon bankining Markaziy Osiyo boʻyicha mintaqaviy direktori Naji Benxasin.

 

Markaziy Osiyo davlatlarining “Energiya” muvofiqlashtirish dispetcherlik markazi bozor va institutsional chora-tadbirlarni amalga oshirish uchun masʼul boʻladi, elektr energiyasini uzatish boʻyicha milliy kompaniyalar esa REMIT dasturi doirasida infratuzilmaviy investitsiyalarni amalga oshiradi. Markaziy Osiyo mamlakatlarining energetika vazirliklari va ijro etuvchi agentliklarini oʻz ichiga olgan Mintaqaviy boshqaruv qoʻmitasi REMIT dasturining amalga oshirilishi ustidan umumiy nazoratni amalga oshiradi.

Categorized in:

Mahalliy,

Last Update: 23/01/2026