Shavkat Mirziyoyev 20-yanvar kuni sog‘liqni saqlash tizimini takomillashtirishga bag‘ishlangan taqdimot doirasida Respublika onkologiya markazi va uning hududiy filiallarini modernizatsiya qilish loyihasi bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, 2021-yilda Islom taraqqiyot banki bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan “O‘zbekiston Respublikasi onkologiya muassasalarini modernizatsiya qilish (II bosqich)” loyihasi doirasida markazning yangi majmuasi va uning 13 ta hududiy filialini jihozlash uchun 61 million dollarlik 119 turdagi tibbiy uskuna xarid qilingan. Bundan tashqari, 5,6 million dollar hisobiga yana 5 turdagi qo‘shimcha uskunalarni sotib olish rejalashtirilgan.

Taqdimotda, shuningdek, qo‘shimcha jalb qilinadigan 10 million dollar mablag‘ evaziga onkologiya markazi uchun 80 turdagi 1027 dona tibbiy jihoz, shuningdek radiofarmatsevtik mahsulotlar ishlab chiqarishga mo‘ljallangan siklotron va radiosintez laboratoriyasini xarid qilish taklifi bildirildi.

Davlat rahbariga farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish, aholini arzon va sifatli dori vositalari bilan ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan ham axborot berildi. Qayd etilishicha, farmatsevtika sohasi sanoatning eng tez rivojlanayotgan yo‘nalishlaridan biriga aylangan.

Hozirda tarmoqda 2,3 milliard dollarlik 156 ta loyiha amalga oshirilmoqda. 2025-yilda 362 million dollarlik xorijiy investitsiyalar o‘zlashtirilgan, 2,4 mingdan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratilgan. Korxonalar tomonidan 7,3 trillion so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilib, 55 ta davlatga 220 million dollarlik eksport amalga oshirilgan.

Dori vositalari sifatini oshirish va byurokratik to‘siqlarni qisqartirish bo‘yicha olib borilgan islohotlar natijasida tadbirkorlar ilk bor 130 turdagi import dori vositalarini transfer texnologiyasi asosida O‘zbekistonda ishlab chiqarish ishlarini boshlagan. Shuningdek, 2 ming nomdagi import dori vositalarining referent narxlari qayta belgilanishi hisobiga dorilarning ulgurji narxlari 40–60 foizga pasaytirilgan.

Taqdimotda import o‘rnini bosuvchi mahalliy dori vositalarining sifatini oshirish va ularning ommabopligini ta’minlash, buning uchun investorlarga qulay sharoitlar yaratish, ishlab chiqarish va laboratoriya quvvatlarini kengaytirish hamda shaffof sifat nazorati tizimini joriy etish zarurligi alohida ta’kidlandi.

Prezident kiritilgan takliflarni ma’qullab, tegishli qarorlarni imzoladi. Mutasaddilarga belgilangan chora-tadbirlarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish hamda muhokama qilingan yo‘nalishlar bo‘yicha aniq natijalarga erishish vazifasi yuklatildi.

Categorized in:

Mahalliy,

Last Update: 21/01/2026