Navoiy viloyati Tomdi tumanida 17-yanvar kuni yo‘lovchi avtobusi ishtirokida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi. Bu haqda viloyat Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi axborot xizmati ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, hodisa “Tomdibuloq” OFY hududidan o‘tgan A-379 Navoiy—Uchquduq xalqaro ahamiyatga ega avtomobil yo‘lining 189–190-kilometrlari oralig‘ida yuz bergan.

Zhong Tong Bus rusumli avtobus Navoiy—Zarafshon yo‘nalishi bo‘ylab harakatlanib kelayotib, boshqaruvni yo‘qotgan va yo‘lning qarama-qarshi tomoniga ag‘darilgan.

Yo‘l-transport hodisasi oqibatida ikki nafar fuqaro tan jarohati olib, Zarafshon shahar tibbiyot bo‘limiga yetkazilgan. Ularga zarur tibbiy yordam ko‘rsatilgani bildirilgan.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 1-qismi (transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Categorized in:

Mahalliy,

Last Update: 19/01/2026