Interpol kanallari orqali xalqaro qidiruvda boʻlgan ikki nafar ayblanuvchi Gruziyadan Oʻzbekistonga ekstraditsiya qilindi. Bu haqda IIV Interpol Milliy markaziy byurosi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, 27-dekabr kuni Tbilisi shahri aeroportida Gruziyaning vakolatli organlari tomonidan Oʻzbekiston Ichki ishlar vazirligi Interpol Milliy markaziy byurosi vakillariga yirik miqdordagi firibgarlik va odam savdosi jinoyatlarini sodir etganlikda ayblanib, xalqaro qidiruvda boʻlgan ikki nafar shaxs topshirildi.
Interpol kanallaridan samarali foydalanish natijasida qidiruvda boʻlgan shaxslarning transchegaraviy harakatlari aniqlanib, ular Gruziya hududida qoʻlga olingan. Keyinchalik, koʻp qirrali ishlar va yoʻlga qoʻyilgan ikki tomonlama hamkorlik natijasida Interpolning xalqaro maydonlarida boʻlib oʻtgan uchrashuv va muzokaralar chogʻida Toshkent va Tbilisi Milliy markaziy byurolari oʻrtasida qidiruvdagi shaxslarni Oʻzbekiston tomoniga topshirishga kelishib olingan.
Oʻzbekiston Bosh prokuraturasining qoʻllab-quvvatlashi va iltimosiga koʻra, tergov materiallari asosida Gruziya Adliya vazirligi tomonidan qidiruvdagi shaxslarni ekstraditsiya qilish toʻgʻrisidagi soʻrov qanoatlantirilgan va ular Toshkentga olib kelingan. Shundan so‘ng ular jinoiy xatti-harakatlar sodir etganlik uchun jinoiy javobgarlikka tortish uchun IIB xodimlariga topshirilgan.