Centrum Air aviakompaniyasiga tegishli Qozon—Toshkent yo‘nalishidagi reysda yuzaga kelgan texnik nosozlik sabab 200 dan ortiq yo‘lovchi uzoq vaqt aeroportda qolib ketdi.
Ma’lum qilinishicha, 21-dekabr kuni yakshanba kuni soat 09:30 da Rossiyaning Qozon shahridan Toshkentga uchishi rejalashtirilgan reys bir necha bor kechiktirilgan. “Kun.uz” xabariga ko‘ra, reys vaqti yakshanba kuni kamida to‘rt marotaba o‘zgartirilgan. Dastlab parvoz 10:30 ga, keyin 12:00 va 15:00 ga ko‘chirilgan. Oxir-oqibat reys 22-dekabr sanasiga qoldirilgan.
Natijada Qozon—Toshkent reysining 214 nafar yo‘lovchisi 21-dekabr kuni mahalliy vaqt bilan soat 09:00 dan 22-dekabr kuni 12:30 ga qadar, jami 27 soat davomida aeroport hududida qolib ketgan.
Aviakompaniya 21-dekabr kuni soat 22:49 da e’lon qilgan rasmiy axborotida yo‘lovchilarga suv va issiq ovqat taqdim etilgani, shuningdek, 214 nafar yo‘lovchini mehmonxonalarga joylashtirish uchun ariza yuborilgani ma’lum qilingan. Biroq Kun.uz ning yozishicha, yo‘lovchilarning aksariyati bunga rozi bo‘lmagan va kutish zalida qolgan.
Yo‘lovchilardan birining so‘zlariga ko‘ra, kompaniya vakillari parvoz tez orada amalga oshirilishini bir necha bor ma’lum qilgan, biroq bu va’dalar bajarilmagani sabab yo‘lovchilar ishonchini yo‘qotgan. Shuningdek, yo‘lovchilarning katta qismi mehnat muhojirlari bo‘lgani uchun chegaradan qayta chiqib-kirishda muammo yuzaga kelishidan xavotirlangan.
Kompaniya yuzaga kelgan noqulayliklar uchun kompensatsiya sifatida reys yo‘lovchilariga quyidagi imkoniyatlarni taklif qilgan: istalgan yo‘nalish va sanaga 25 foizlik chegirma beruvchi promokod, keyingi reysda bepul o‘rindiq tanlash hamda bepul qo‘shimcha bagaj.
Centrum Air’ning rasmiy axborotiga ko‘ra, reys jadvalidagi o‘zgarishlar texnik sabablar bilan bog‘liq bo‘lgan. Aviakompaniya mas’ul xodimining qo‘shimcha izoh berishicha, samolyotning ishdan chiqqan g‘ildiragini almashtirish uchun zarur ehtiyot qismlarni Rossiyaga nisbatan joriy etilgan sanksiyalar sabab yetkazib berish murakkab kechgan va bu jarayon ko‘p vaqt olgan.