Shavkat Mirziyoyev raisligidagi yig‘ilishda Uchtepa, Chilonzor, Yakkasaroy, Shayxontohur va Olmazorda xizmatlar, kreativ iqtisodiyot, dizayn va turizm asosiy investitsiya yo‘nalishlariga aylanishi aytildi.

Xususan, 37 gektarda 1 milliard dollarlik Uchtepa City loyihasi boshlanadi. Uning doirasida zamonaviy mehmonxona, biznes markazlar, savdo-ko‘ngilochar majmua va apartamentlar barpo etiladi.

Chilonzor, Yakkasaroy, Olmazorda ham 2,5 milliard dollarlik shunday loyihalar amalga oshiriladi.

Mirzo Ulug‘bek, Yunusobod, Mirobod va Yashnobodda esa sun’iy intellekt, startap, fintex, moliya, tibbiyot va ta’lim sohasida 1 milliard dollarlik loyihalar amalga oshiriladi. Bugungi kunda poytaxtda 75 tadan maktab va bog‘cha, 23 ta sport obyektiga ehtiyoj bor.

Shuningdek, tuman hokimlari o‘zlari mablag‘ jalb qilib, har yili 1 tadan maktab, bog‘cha va sport obyektini qurishi, qolgan 15 tadan maktab va bog‘cha hamda 11 ta sport obyekti investitsiya dasturi doirasida qurib berilishi belgilandi. Kelgusi yilda infratuzilma loyihalariga chetdan davlat kafolatisiz yana 300 million dollar jalb qilish muhimligi ta’kidlandi.

Shu yildan Toshkent shahrining har bir tumanida 1 tadan maktabda ta’lim sifatini oshirish bo‘yicha “Toshkent tajribasi” boshlandi. Ya’ni 7-11-sinfdagi 1,5 ming o‘quvchi saralanib, ularni AT, tibbiyot, biznes, muhandislik kabi yo‘nalishlarda o‘qitish yo‘lga qo‘yildi. O‘quvchilarning fanlarni o‘zlashtirishiga qarab, o‘qituvchilariga 20 million so‘mgacha oylik maosh to‘lanyapti. Bu tajribani kengaytirib, bunday maktablar sonini kelasi yili 24 taga, 2027-yilda 33 taga yetkazish vazifasi qo‘yildi.

Categorized in:

Mahalliy,

Last Update: 16/12/2025