Toshkent shahrida fuqaro uyini ta’mirlash jarayonida qurol, o‘q-dorilar va portlovchi moddalarni topib oldi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, joriy yilning 2-dekabr kuni 1987-yilda tug‘ilgan fuqaro Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasining 102 raqamiga murojaat qilib, uyini ta’mirlash chog‘ida yerto‘ladan qurol va o‘q-dorilar topgani hamda ularni ixtiyoriy ravishda topshirmoqchi ekanini bildirgan.

Voqea joyiga yetib borgan xodimlar tomonidan xonadon yerto‘lasida bir dona RGD-5 qo‘l granatasi, TOZ-8 va IJ-27E rusumli ikkita o‘qotar qurol, portlatish qurilmasi, besh dona qo‘l granata zapali, bir dona elektrodetonator va portlovchi shnuri, 546 dona turli xil jangovar o‘q-dorilar, 1100 dona pnevmatik qurol o‘qlari hamda o‘tkir tig‘li buyumlar borligi aniqlangan.

Tezkor surishtiruv davomida mazkur qurol-aslaha va portlovchi moddalar fuqaroning marhum otasiga tegishli ekani ma’lum bo‘ldi. U ilgari Mudofaa vazirligining turli bo‘linmalarida xizmat qilgan va Qurolli kuchlar akademiyasidan nafaqaga chiqqan.

Ichki ishlar vazirligi eslatishicha, qurol, o‘q-dorilar va portlovchi moddalarni noqonuniy saqlash, olib yurish yoki ixtiyoriy topshirmaslik Jinoyat kodeksining 248-moddasiga muvofiq ikki yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum etishga sabab bo‘lishi mumkin.

Categorized in:

Mahalliy,

Last Update: 16/12/2025