Odam savdosi bilan shugʻullangani uchun qidiruvda boʻlgan oʻzbekistonlik ayol Turkiyadan topildi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi xabar qildi.
Qayd etilishicha, u 2021-yildan buyon qidiruvda boʻlgan va Istanbul shahrida yashirinib yurgani aniqlangan. Ushbu shaxs yuqori maosh vaʼdasi bilan qizlarni aldab Turkiyaga olib borgan va ularning pasportlarini tortib olib, fohishalik bilan shugʻullanishga majburlagan. U Turkiyadan Oʻzbekistonga ekstraditsiya qilindi.
1991-yilda tugʻilgan fuqaroga nisbatan Jinoyat kodeksining 135-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan. U 18-noyabr kuni belgilangan tartibda mamlakatga olib kelindi.
Joriy yildan Oʻzbekistonda odam savdosi uchun belgilangan jazo choralari kuchaytirilgan boʻlib, mazkur jinoyat uchun 5 yildan 15 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilangan.