Toshkent viloyatida fuqaroni ishga joylashtirib qo‘yish evaziga pul talab qilgan hokim yordamchisi ushlandi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati ma’lum qildi.

DXX xabariga ko‘ra, Nurafshon shahridagi mahalla fuqarolar yig‘inlaridan birida faoliyat yuritgan hokim yordamchisi Toshkent shahrida yashovchi fuqaroga mansabdor tanishlari orqali Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasining Toshkent viloyati boshqarmasiga ishga kiritishni va’da qilgan.

Oldin ham bir necha bor sudlangan bu shaxs ko‘rsatilgan “xizmat” uchun 2 ming dollar talab qilgan. O‘tkazilgan tezkor tadbir davomida u so‘ralgan pulni tanishlari orqali olayotgan vaqtida ushlandi.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoiy ish qo‘zg‘atildi. Unga qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanib, tergov harakatlari davom etmoqda.

Categorized in:

Mahalliy,

Last Update: 01/12/2025