Prezident Shavkat Mirziyoyevning 25-noyabr kuni imzolagan farmoniga muvofiq, poytaxtda mikroiqlim barqarorligini ta’minlash va havo sifatini yaxshilashga qaratilgan keng ko‘lamli loyihalar amalga oshiriladi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Sun’iy ko‘l va suv havzalari barpo etiladi
Toshkent shahar hokimligi Suv xo‘jaligi vazirligi va “O‘zsuvta’minot” AJ bilan hamkorlikda uch oy muddatda shahar hududining sharq, g‘arb, shimol va janub yo‘nalishlarida kamida 3 tadan sun’iy ko‘l va suv havzalari tashkil etadi.
Favvoralar soni ikki baravar oshiriladi
Hokimlik Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi bilan ikki hafta ichida Toshkentdagi favvoralar sonini kamida ikki baravar ko‘paytirish bo‘yicha alohida dastur ishlab chiqib, Prezident administratsiyasiga taqdim etadi.
Daraxt va butalar muntazam yuviladi
Farmonga ko‘ra, yoz–kuz mavsumida asosiy yo‘llar bo‘yidagi daraxt va butalar kunning birinchi yarmida, haftasiga kamida uch marta yuvib chiqiladi. Zaruratga ko‘ra biotexnik tadbirlar ham o‘tkaziladi.
Aholi uchun sug‘orish vaqti bo‘yicha cheklov bekor qilinadi
Bahor va yoz fasllarida jismoniy hamda yuridik shaxslarga o‘z hududidagi daraxtlarni sug‘orish uchun ichimlik suvidan foydalanish vaqtiga qo‘yilgan 00:00–05:00 oralig‘idagi cheklov bekor qilinadi.
Ichimlik suvidan boshqa maqsadlarda foydalanish bo‘yicha amaldagi tartib o‘zgarishsiz qoladi.
Shuningdek, ko‘p kvartirali uylarda sug‘orish uchun suv rezervuarlarini o‘rnatish bo‘yicha choralar ko‘riladi.