Prezident Shavkat Mirziyoyevning “Qishloq xo‘jaligi tavakkalchiliklarini sug‘urta qilish mexanizmini samarali tashkil etish to‘g‘risida”gi farmoni bilan Qishloq xo‘jaligi sug‘urtasi jamg‘armasi tashkil etildi. Hujjat 21-noyabr kuni imzolandi.
Farmonga muvofiq, 2026-yildan boshlab qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilari imtiyozli kreditlardan foydalanganda, mahsulotning yo‘qotilishi xavfini oldindan sug‘urta qilish tizimi bosqichma-bosqich joriy etiladi. Shu bilan birga, klaster va fermer xo‘jaliklari hamda boshqa korxonalar imtiyozli kreditlar bo‘yicha qarzdorliklarini ushbu sug‘urta shartnomasi orqali qoplatish imkoniga ega bo‘lmaydi.
Farmonda qayd etilishicha, 2025-yil yakuniga qadar Qishloq xo‘jaligi sug‘urtasi axborot tizimi ishga tushiriladi.
Yangi tizimning asosiy maqsadlari quyidagilardan iborat: tabiiy va texnogen ofatlar, yong‘in, zararkunanda va kasalliklar oqibatida o‘simlik va hayvonlarga yetkazilgan zararlarni qoplash; 2030-yilgacha qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini 20 foizga oshirish; ishlab chiqaruvchilarning tavakkalchiliklarini kamaytirish.
Aprel oyida qabul qilingan “Qishloq xo‘jaligi tavakkalchiliklarini sug‘urta qilish to‘g‘risida”gi qonunda hukumat tomonidan yagona sug‘urtalovchi sifatida Qishloq xo‘jaligi sug‘urtasi jamg‘armasi tashkil etilishi belgilangan edi. Jamg‘arma notijorat tashkilot bo‘lib, uning faoliyati Vazirlar Mahkamasi tasdiqlaydigan nizom asosida yuritiladi.
Jamg‘armaning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
-
qishloq xo‘jaligi sug‘urtasi jarayonlarini tashkil etish va boshqarish;
-
sug‘urta hodisasi yuz berganda, yetkazilgan zarar miqdorini qoplab berilishini ta’minlash;
-
sug‘urta jarayonida shakllangan ma’lumotlarni maxfiyligini ta’minlagan holda Jamg‘arma, davlat organlari va vositachilar o‘rtasida axborot almashinuvini yo‘lga qo‘yish.
Farmon ijrosi doirasida tegishli vazirlik va idoralarga zarur choralarni ko‘rish topshirilgan.