Prezidentning “Yoshlar daftari” jamg‘armalari orqali ijtimoiy yordam tizimini takomillashtirish to‘g‘risidagi farmoni qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi ma’lum qildi.
Farmonning asosiy maqsadlari:
🔹 “Yoshlar daftari”ga kiritilgan 16 ming nafar yoshning doimiy daromad manbaiga ega bo‘lishiga ko‘maklashish;
🔹 “Mutolaa” loyihasi orqali yoshlar orasida kitob o‘qish ulushini 10 foizga oshirish;
🔹 “Ibrat farzandlari” loyihasida chet tili o‘rganuvchi yoshlar sonini 30 foizga ko‘paytirish.
2026-yil 1-fevraldan ijtimoiy yordam Kambag‘al oilalar reyestridagi yoshlar uchun ijtimoiy shartnoma asosida beriladi. Yordam olish uchun uzluksiz ta’limda ijobiy natija ko‘rsatish, volontyorlikda qatnashish va “Besh tashabbus olimpiadasi” loyihalarida faol bo‘lish talab etiladi.
Shartnoma shartlari bajarilmasa, quyidagi choralar qo‘llanadi:
• 15 kunlik ogohlantirish;
• yordam miqdorini 15–30 foizga kamaytirish;
• ijtimoiy yordamni 1–6 oyga to‘xtatib turish;
• zarur hollarda yordamni 1 yil va undan ortiq muddatga to‘xtatish.
Shartlarni kamida 6 oy davomida yuqori darajada bajarganlar esa navbatdan tashqari yordam oladi. Har yili eng yaxshi 1 000 nafar yoshga BHMning 3 baravari miqdorida pul mukofoti beriladi. Shuningdek, ularning tashabbuskorligini rag‘batlantirish bo‘yicha qo‘shimcha mukofotlar ham taqdim etiladi.