Qashqadaryolik xonanda X.H. tomonidan yillar davomida aldab kelingan Jahongir Otajonov jinoyat ishi bo‘yicha sudda ko‘rsatma berdi. U sudda so‘z olar ekan, 2003–2009-yillarda O‘zbekiston davlat konservatoriyasida tahsil olayotgan kezlari X.H. bilan tanishganini, ular dastlab aka-uka tutinganini, biroq tutingan do‘sti uning ishonchini suiiste’mol qilib, katta miqdorda aldovlar sodir etganini aytib o‘tdi. Otajonovning ta’kidlashicha, hozirda sudlanuvchining undagi qarzi 195 ming dollardan ortiq.

14-noyabr kuni JIB Yakkasaroy tumani sudi raisi Alisher Jalilov boshchiligida bo‘lib o‘tgan sud majlisida firibgarlikda ayblangan xonanda X.H.ga hukm o‘qildi. Sud hujjatlari bilan “Daryo” tanishdi.

Firibgarlik epizodlari

Sud materiallariga ko‘ra, X.H. 2017–2021-yillar davomida bir necha bor Otajonovni aldab, uning mulklarini o‘zlashtirgan. Jumladan:

  • 2017-yilda Jahongir Otajonovning Lexus avtomobilini 68 ming dollarga baholab sotib olgan. Dastlab 34 ming dollar to‘lab, qolganini ikki yil davomida bo‘lib berishga kelishgan. Biroq mashinani boshqa shaxs nomiga rasmiylashtirib, qolgan 34 ming dollarni bermagan.

  • 2019-yilda Toshkentdagi to‘yga qo‘shiqchi sifatida taklif etilgan Otajonovga berilgan 1 000 dollar gonorerni o‘zi olib qo‘ygan. Oradan ko‘p o‘tmay Qashqadaryodagi to‘yda berilgan 5 ming dollar gonorerni ham “keyin beraman” deya o‘zlashtirgan.

  • 2021-yilda BMW avtomobilini 83 ming dollarga sotib olishni va’da qilib, 15 ming dollar to‘lagan, ammo mashinani boshqa shaxs nomiga rasmiylashtirgach, qolgan pullarni bermagan.

  • 2021-yil mart oyida Otajonovning Yunusoboddagi xonadonini 35 ming dollarga sotib olishni aytib, 30 ming dollar bergan va qolganini keyin to‘lashini bildirgan. Ammo va’dasida turmagan.

  • Xuddi shu yili Otajonov yashab kelgan Mirzo Ulug‘bek tumanidagi uyning 1,18 sotix qismini 50 ming dollarga sotib olishini aytib, Turkiyada bo‘lgan Otajonovdan foydalanib, pullarni uy egasiga to‘lamagan va mulkni o‘ziga rasmiylashtirib olgan. Keyinchalik ushbu uy sotilib ketgan, bunda Otajonovga 50 ming dollar zarar yetgan.

  • Yana bir uy bilan bog‘liq epizodda Otajonovga 32 ming dollar zarar yetkazgani aniqlangan.

Sudda X.H. aybiga qisman iqror bo‘lib, pullarni san’atdagi faoliyati uchun sarflaganini, pushaymonligini bildirgan va jabrlanuvchiga zararlarni ishlab qoplashga va’da bergan.

Sud hukmi

Sud X.H.ni Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 4-qismi “a” bandi bo‘yicha aybli deb topib, 8 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinladi.

Shuningdek:

  • X.H.dan Jahongir Otajonov foydasiga 2 mlrd 337 mln so‘m miqdorida moddiy zarar undiriladi.

  • Sudlanuvchi nomiga rasmiylashtirilgan Toshkent shahridagi 2 ta xonadon jinoyat natijasida olingan mulk sifatida baholanib, sotuvga qo‘yiladi.

  • Ularning sotilishidan tushgan mablag‘ jabrlanuvchiga yetkazilgan zararni qoplashga yo‘naltiriladi.

Hukm qonuniy kuchga kirishi bilan ijro etilishi belgilangan.

Categorized in:

Mahalliy,

Last Update: 18/11/2025