Shavkat Mirziyoyevning 12-noyabrdagi farmoniga muvofiq, Amerika—O‘zbekiston ishbilarmonlik va investitsiya kengashi tashkil etiladi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Hujjatga ko‘ra, kengash O‘zbekiston va AQSH o‘rtasidagi savdo-investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish, ishbilarmonlik muhitini yaxshilash va tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash maqsadida tuzilmoqda.

Kengash faoliyati doirasida quyidagi yo‘nalishlar ustuvor etib belgilangan:

  • strategik biznes tashabbuslar hamda yirik investitsiya va savdo loyihalarini ishlab chiqish, muvofiqlashtirish va monitoring qilish;

  • qo‘shimcha xorijiy sarmoyalarni jalb etish uchun maxsus investitsiya fondini tashkil etish, DFC, YTTB, XMK va OTB kabi yirik moliya institutlarini loyihalarni moliyalashtirishga jalb etish;

  • o‘zaro tarif stavkalarini pasaytirish bo‘yicha muzokaralarni davom ettirish;

  • IT-park rezidentlari mahsulotlari va xizmatlarini xalqaro bozorlarda targ‘ib etish;

  • O‘zbekiston investitsiya portfeli va valyuta zaxiralarini diversifikatsiya qilish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish.

Ma’lum qilinishicha, prezidentning 2025-yil 4–6-noyabr kunlari AQSHga tashrifi chog‘ida “C5+1” sammiti doirasida mazkur kengashni tashkil etish yuzasidan kelishuvga erishilgan.

Kengashga O‘zbekiston tomonidan Prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva, AQSH tomonidan esa Prezident vakili hamraislik qiladi.

Farmonga ko‘ra, Iqtisodiyot va moliya vazirligi Markaziy bank bilan birgalikda mamlakat investitsiya aktivlari va valyuta zaxiralari tuzilmasini takomillashtirish bo‘yicha takliflar tayyorlaydi.

Shuningdek, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi hamda Tashqi ishlar vazirligi ikki hafta muddatda kengashning AQSHdagi doimiy ofisini shakllantirish masalasini ko‘rib chiqadi.

Farmon ijrosi ustidan nazorat Saida Mirziyoyeva zimmasiga yuklatilgan.

Categorized in:

Mahalliy,

Last Update: 12/11/2025