Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi biologik faol qo‘shimchalarni “dori” sifatida taqdim etayotgan reklamalarga ishonmaslikni so‘rab, fuqarolarga ogohlantirish berdi.

Qo‘mita ma’lumotiga ko‘ra, oziq-ovqat mahsulotlari, dori vositalari va biologik faol qo‘shimchalar bo‘yicha o‘tkazilayotgan nazorat xaridlari natijasida so‘nggi yillarda sifatsiz mahsulotlar soni ortgan.

  • 2023-yilda 397 ta nazorat xarididan 24 tasi sifatsiz deb topilgan;

  • 2024-yilda 560 ta xariddan 95 tasi talabga javob bermagan;

  • 2025-yilda esa 618 ta xariddan 123 tasi sifatsizligi aniqlangan.

Shuningdek, qo‘mitaga shu vaqtgacha 2 345 dan ortiq murojaat kelib tushgan bo‘lib, ularning 14 foizi — 337 tasi — biologik faol qo‘shimchalar bilan bog‘liq. Aksariyat shikoyatlar fuqarolarning reklamalarga ishonib, mahsulotlarni xarid qilganidan, biroq ular kutilgan natijani bermagani yoki sog‘liqka salbiy ta’sir ko‘rsatganidan kelib chiqqan.

Qo‘mita fuqarolarga quyidagicha murojaat qildi:

“Biologik faol qo‘shimchalarni ‘dori’ sifatida targ‘ib etayotgan reklamalarga ishonmang. ‘Barcha kasalliklarni 1 oyda davolaydi’ kabi va’dalar — bu aldov reklamalardir.”

Raqobat qo‘mitasi iste’molchilarga faqat Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan ro‘yxatdan o‘tgan va sertifikati mavjud mahsulotlardan foydalanishni tavsiya etdi.

Eslatib o‘tamiz, biologik faol qo‘shimchalar dori vositasi hisoblanmaydi va ular kasalliklarni davolash uchun emas, balki organizm faoliyatini qo‘llab-quvvatlash yoki profilaktika maqsadida ishlatiladi. Har qanday qo‘shimchani iste’mol qilishdan avval shifokor bilan maslahatlashish zarur.

Categorized in:

Mahalliy,

Last Update: 10/11/2025