“Oʻzbekistonda yangi moliyaviy piramida avj oldi. Uni ‘organ’ xodimlari targʻib qilmoqda” sarlavhasi bilan Kun.uz saytida eʼlon qilingan maqolaga Ichki ishlar vazirligi izoh berdi.
Vazirlik maʼlum qilishicha, hozirda videolarga layk bosish va izoh yozish orqali daromad olish taklif etiladigan XCM moliyaviy piramidasi faoliyati yuzasidan surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.
“Pul mablagʻlari yoki boshqa mol-mulkni jalb etish bilan bogʻliq noqonuniy faoliyat hamda bu orqali jismoniy va yuridik shaxslarga zarar yetkazilganlik holati boʻyicha o‘rnatilgan tartibda tekshiruv ishlari davom etmoqda”, — deyiladi xabarda.
Shuningdek, ichki ishlar organlari xodimlarining mazkur platformani targʻib etishda ishtiroki bor-yo‘qligini aniqlash uchun xizmat tekshiruvi tayinlangani bildirildi.