Toshkent viloyatida mikrobiznesni rivojlantirish doirasida 70 mingga yaqin yangi ish o‘rinlari yaratildi. Bu haqda viloyat hokimligi axborot xizmati xabar berdi.
Joriy yilning 10 oyi davomida hokim yordamchilari tomonidan viloyat bo‘yicha jami 39 ming 436 ta mikroloyiha amalga oshirilib, bu yillik rejaning (41 ming loyiha) deyarli 100 foizini tashkil etadi.
Mazkur tashabbuslar doirasida 1,7 milliard so‘mdan ortiq investitsiya yo‘naltirilgan hamda 69 ming 700 ta yangi ish o‘rni yaratilgan.
Loyihalarning asosiy qismi qishloq xo‘jaligi, tomorqachilik, savdo va xizmat ko‘rsatish sohalariga to‘g‘ri keladi. Shuningdek, kambag‘al oilalar ishtirokida ham 7 mingga yaqin loyiha amalga oshirilgan.
Eng faol hududlar sifatida Zangiota, Toshkent, Qibray va Yangiyo‘l tumanlari qayd etilgan.
Hokimlikka ko‘ra, bu natijalar mikrobiznesni rivojlantirish, aholini ish bilan ta’minlash va mahalliy iqtisodiyotning barqaror o‘sishini ta’minlashda muhim omil bo‘lmoqda.