Toshkent viloyati Soliq boshqarmasining sayyor soliq tekshiruvlari bo‘limi katta inspektori pora olayotganda qo‘lga olindi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, mansabdor shaxs o‘z xizmat mavqeyidan foydalanib, Angren shahrida faoliyat yuritayotgan, bog‘dorchilik va chorvachilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jalikda o‘tkazilayotgan sayyor soliq tekshiruvini ijobiy hal etish hamda bir yil davomida soliq organlari tomonidan qayta tekshiruv o‘tkazilmasligini ta’minlash evaziga xo‘jalik rahbaridan 5 000 AQSH dollari talab qilgan.

Davlat xavfsizlik xizmatining Toshkent viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan Bosh prokuratura huzuridagi Departament bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda soliq inspektori so‘ralgan summani olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Yana bir holat — Navoiy viloyatidagi tumanlardan biridagi bolalar va o‘smirlar sport maktabi direktori hamda bosh hisobchisi xizmat safari pullaridan “ulush” olishga uringan.

Ular para yengil atletika bo‘yicha 8 nafar sportchi bilan musobaqada ishtirok etgan murabbiyga ajratilishi kerak bo‘lgan 40 mln 722 ming so‘m xizmat safari pullarini to‘lab berish evaziga ushbu summaning 40 foizini (16 mln so‘mdan ortiq) qaytarib berishni talab qilgan.

Bosh hisobchi murabbiyning kartasiga 10 mln so‘m o‘tkazib, shundan 3 mln so‘mni pora sifatida olayotganda ushlangan.

Har ikki holat yuzasidan mansabdor shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 210-moddasi (pora olish) 2-qismining tegishli bandlari bo‘yicha jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari davom etmoqda.

Categorized in:

Mahalliy,

Last Update: 05/11/2025