Adliya vazirligi xabariga ko‘ra, endilikda jismoniy va yuridik shaxslar o‘lchovli oltin quymalarni tijorat banklarining mobil ilovalari orqali sotib olishi va qayta sotishi mumkin.
Banklar quymalarni oldi-sotdi shartnomasi asosida Markaziy bankdan xarid qilib, ularni sotish bo‘yicha mustaqil narx belgilash huquqiga ega bo‘ladi.
Bundan tashqari, jismoniy va yuridik shaxslar oltin yoki kumushning grammda ifodalangan raqamli ko‘rinishini ham mobil ilova orqali real vaqt rejimida sotib olish yoki sotish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Shu tariqa o‘lchovli oltin quymalarni onlayn xarid qilish imkoniyati yaratilmoqda.
Narxlar London qimmatbaho metallar bozori uyushmasining har kungi fiksingi asosida belgilanadi. Barcha operatsiyalar bank tizimlari orqali identifikatsiya va autentifikatsiya asosida amalga oshiriladi hamda narxlar banklarning rasmiy saytlari, mobil ilovalari va ijtimoiy sahifalarida muntazam yangilanib boradi.