Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Serbiya prezidenti Aleksandr Vuchich rafiqasi hamrohligida 28-oktyabr kuni rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonga keldi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Davlat rahbari va uning rafiqasini Toshkent xalqaro aeroportida bosh vazir Abdulla Aripov hamda boshqa rasmiy shaxslar kutib oldi.

Tashrif dasturiga muvofiq, Toshkent shahrida oliy darajadagi muzokaralar o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Uchrashuvlarda O‘zbekiston va Serbiya o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni yanada rivojlantirish istiqbollari muhokama qilinadi.

Shuningdek, Aleksandr Vuchich faxriy mehmon sifatida shu hafta Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadigan YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasida ham ishtirok etadi.

Tashrif arafasida Momchilo Babich Serbiyaning O‘zbekistondagi to‘liq vakolatli elchisi etib tayinlandi. U 27-oktyabr kuni tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidovga ishonch yorliqlarini topshirdi.

Categorized in:

Mahalliy,

Last Update: 28/10/2025