Shavkat Mirziyoyev rasmiy tashrif bilan Belgiya poytaxti Bryussel shahriga keldi, deb xabar bermoqda Prezident matbuot xizmati.
Bryussel xalqaro aeroportida davlat rahbari va uning rafiqasini Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili Eduards Stiprays hamda boshqa rasmiy shaxslar kutib olgan.
24-oktyabr kuni Shavkat Mirziyoyev Yevropa kengashi prezidenti Antoniu Koshta, Yevropa komissiyasi prezidenti Ursula fon der Lyayyen va Belgiya qiroli Filipp bilan uchrashuvlar o‘tkazadi.
Prezident, shuningdek, O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitimni imzolash marosimida ishtirok etadi. Tashrif doirasida Yevropaning yetakchi kompaniyalari va moliyaviy institutlari vakillari bilan davra suhbati o‘tkazilishi ham rejalashtirilgan.
Mazkur tashrif O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqish hamda strategik hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qiladi. Shuningdek, uchrashuvlarda “O‘rta koridor” (Trans-Kaspiy yo‘li, transport-logistika va bog‘lanishlar) masalalari ham muhim mavzulardan biri bo‘lishi kutilmoqda.