Birlashgan Millatlar Tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, dunyo bo‘yicha har yili 1,2 million kishi yo‘l-transport hodisalari oqibatida hayotdan ko‘z yumadi. Shuningdek, yana 50 millionga yaqin inson turli darajadagi tan jarohatlarini olmoqda.
BMT bosh kotibi Antoniu Guterrishning ta’kidlashicha, hozirda yo‘l-transport halokatlari dunyodagi o‘lim sabablari orasida sakkizinchi o‘rinni egallaydi. Ayniqsa, 5 yoshdan katta bolalar va yoshlar orasida eng ko‘p o‘limga sabab bo‘layotgan holat ham yo‘l-transport hodisalaridir. Jabrlanuvchilarning aksariyat qismini piyodalar, velosipedchilar va mototsikl haydovchilari tashkil etadi.
Tashkilot bu global muammoni kamaytirish uchun bir qator chora-tadbirlarni taklif qilmoqda. Xususan, shaharsozlikni takomillashtirish, xavfsiz jamoat transportini rivojlantirish hamda shlem va xavfsizlik kamarlaridan majburiy foydalanish muhim omil sifatida qayd etilgan.
“Tezlikni nazorat qilish va favqulodda holatlar uchun samarali protokollarni joriy etish millionlab insonlar hayotini saqlab qolish imkonini beradi”, — deyiladi BMT bayonotida.