Toshkent metropoliteni matbuot xizmati ta’mirlash va texnik sinov ishlari olib borilgan “Yerusti halqa yo‘li” yo‘nalishining ochilishi 2025-yil 1-noyabrga qoldirilganini xabar qildi.
14 ta bekatdan iborat “Texnopark – Qipchoq” oralig‘ida metro poyezdlarining harakati rejali profilaktika ishlari sababli vaqtincha to‘xtatilgandi. Ushbu davrda yo‘l infratuzilmasi to‘liq tekshirilib, nosoz shpallar almashtirildi, drenaj tizimi holati o‘rganildi, shag‘allar yangilandi.
Dastlab sinov jarayonlari muvaffaqiyatli yakunlangach, yo‘nalish 18-oktyabrdan odatdagi tartibda ishga tushirilishi rejalashtirilgan edi. Biroq poyezdlar harakatini ikki barobar tezlashtirish hamda intervalni yanada qisqartirish maqsadida ochilish muddati 1-noyabrga surildi.
Hozirda yo‘nalishda yo‘lovchilarsiz sinov qatnovlari amalga oshirilmoqda. Barcha texnik talablar to‘liq tasdiqlangach, yo‘nalish yo‘lovchilar uchun qayta ishga tushiriladi.
Yo‘lovchilarga qulaylik yaratish maqsadida “Texnopark” — “Qipchoq” — “Texnopark” oralig‘ida bepul metrobuslar harakati yo‘lga qo‘yilgan.