Uzbekistan Airways matbuot xizmati Rossiya osmonida kompaniya samolyoti va biznes-jet keskin yaqinlashgani haqida tarqalgan xabarlarga o‘z munosabatini bildirdi.
Qayd etilishicha, 2025-yil 28-sentyabr kuni Moskva aerouzeli hududida amalga oshirilgan parvoz davomida Uzbekistan Airways havo kemasi ekipaji havo harakatini boshqarish dispetcheri ko‘rsatmalariga qat’iy amal qilgan. Barcha eshelonlar belgilangan tartibda ta’minlangan va havo kemalari orasida zarur intervallar saqlangan.
Shuningdek, ogohlantirish tizimi parvoz vaqtida ishlamagan, bu esa havo kemalari orasida xavfli yaqinlik bo‘lmaganini ko‘rsatadi. Moskva aerouzeli dispetcherlik xizmati ham ekipajga nisbatan hech qanday e’tiroz yoki shikoyat bildirmagan.
Avvalroq ayrim axborot vositalarida samolyotlarning Serpuxov osmonida keskin yaqinlashgani haqida xabar tarqatilgandi. Uzbekistan Airways esa ushbu ma’lumotlarni rad etib, parvoz xavfsiz sharoitda amalga oshirilganini tasdiqladi.