Davlat xavfsizlik xizmati o‘tkazilgan 116 ta nazorat tadbirida tabiatga jami 46,7 milliard so‘mlik zarar yetkazilgani aniqlanganini ochiqladi.
Qoidabuzarliklar orasida:
-
39 ta noqonuniy qum-shag‘al qazib olish;
-
36 ta daraxt kesish;
-
15 ta noqonuniy baliq ovlash;
-
6 ta noqonuniy qurol saqlash va ov qilish;
-
20 ta ekologiyani ifloslantirish holatlari qayd etildi.
Xususan, Sirdaryo viloyati Bo‘ka tumanidan oqib o‘tuvchi hududda Oqqo‘rg‘on tumanida yashovchi ikki fuqaro elektr qarmoq yordamida baliq ovlagani aniqlandi. Ular 16 ta sazan, 12 dona karas hamda “Qizil kitob”ga kiritilgan 3 dona Turkiston mo‘ylovdorini tutib, tabiatga 622,1 million so‘mlik zarar yetkazgan. Holat yuzasidan hujjatlar Bosh prokuratura organlariga yuborildi.
Shuningdek, ushbu fuqarolardan biri 2025-yil iyun oyida ham xuddi shunday huquqbuzarlik sodir etgani sababli unga nisbatan 286 million so‘m jarima tayinlanib, jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Yana bir holatda, Jizzax viloyati Mirzacho‘l tumanida ikki shaxs noqonuniy ov qilayotgani aniqlanib, ulardan 12 dona o‘q daliliy ashyo sifatida olib qo‘yildi. Hozirda tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilmoqda.