Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent viloyati Bo‘zsuv kanaliga kanalizatsiya suvlari oqizilayotgani haqidagi xabarlar tarqalganidan so‘ng tegishli tekshiruv o‘tkazildi.
Laboratoriya tahlillari natijasiga ko‘ra, “Bo‘zsuv aeratsiya inshooti”ning birinchi va uchinchi tashlamalaridan oqizilgan oqova suv tarkibida muallaq moddalar, ammoniy ioni, azot nitrit, sulfatlar, fosfatlar, BPK, neft mahsulotlari, mis va temir me’yorlardan bir necha barobar yuqori ekani aniqlandi.
Dastlabki tekshiruv natijalariga ko‘ra, atrof-muhitni ifloslantirish oqibatida 1 mlrd 511 mln 966 ming so‘mlik kompensatsiya to‘lovi hisoblandi.
Mazkur holat yuzasidan Bosh prokuratura tomonidan “Toshkent suv ta’minoti” AJga nisbatan Jinoyat kodeksining 205- va 207-moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Hozirda Toshkent shahar prokuraturasi tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda.