Oliy Majlis Senatining Byudjet va iqtisodiy masalalar qo‘mitasi raisi Erkin Gadoyev Transport vazirligiga yo‘llardagi tirbandliklarni kamaytirish masalasi yuzasidan senator so‘rovi yo‘lladi. Bu haqda yuqori palata matbuot xizmati ma’lum qildi.

So‘rovda ta’kidlanishicha, ayniqsa o‘quv yili boshlanishi bilan Toshkent shahrida harakat jadalligi keskin ortgan va ayrim vaqtlarda tirbandlik darajasi eng yuqori — 10 ballga yetmoqda. Bu esa fuqarolarning ishga, o‘qishga hamda turli maqsadlarda harakatlanish jarayonida qimmatli vaqt yo‘qotishiga sabab bo‘lmoqda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, har kuni poytaxtga qariyb 1 million kishi tashrif buyuradi, shundan 275 ming nafari Toshkent viloyatidan kelmoqda. Viloyatning tutash hududlaridan ertalab poytaxtga kirib, kechqurun ortga qaytayotgan minglab avtomobillar tirbandliklarni yanada kuchaytirmoqda.

Senator so‘roviga ko‘ra, vazirlikdan quyidagilar bo‘yicha atroflicha ma’lumot taqdim etish so‘ralgan:

  • yo‘llardagi tirbandliklarni kamaytirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar;

  • “Intellektual transport” tizimining amaldagi holati;

  • jamoat transportini yagona aglomeratsiya tizimiga o‘tkazish jarayoni;

  • Prezident tomonidan belgilangan vazifalar ijrosi va kechikish sabablari.

Eslatib o‘tamiz, Prezident Shavkat Mirziyoyev joriy yil iyul oyida shaxsan yo‘llarda tirbandliklarga duch kelganini qayd etgan va muammoni bartaraf etish yuzasidan Ichki ishlar vaziriga topshiriq bergan edi.

Categorized in:

Mahalliy,

Last Update: 25/09/2025