Prezidentning 2025-yil 19-sentyabrdagi 288-son qaroriga ko‘ra, mamlakatimizda BMTning Korrupsiyaga qarshi konvensiyasi qoidalarining bajarilishini monitoring qilishda nodavlat notijorat tashkilotlar (NNT) faol ishtirok etadi. Ular tomonidan muqobil baholash tizimi yo‘lga qo‘yiladi.

Qarorga muvofiq, 2025-yildan boshlab NNTlarning korrupsiyaga qarshi kurashish yo‘nalishidagi loyihalariga har yili 10 mlrd so‘m grant mablag‘lari ajratiladi. Ushbu mablag‘lar:

  • Oliy Majlis huzuridagi Fuqarolik jamiyatini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondida iqtisod qilingan qismdan;

  • Reyting baholash natijasida faoliyati “qoniqarsiz” deb topilgan davlat organlari va tashkilotlarining byudjetdan tashqari mablag‘laridan shakllantiriladi.

Shuningdek:

  • Agentlik buyurtmasi asosida hudud va sohalarda maishiy korrupsiya holatlari va fuqarolarning unga munosabati bo‘yicha ijtimoiy so‘rovlar o‘tkaziladi;

  • Har yili 1-aprelgacha Milliy kengashga NNT loyihalari, moliyalashtirish takliflari hamda fuqarolik jamiyatining ishtiroki haqida hisobot taqdim etiladi.

Shu bilan birga, O‘zbekiston NNTlari milliy assotsiatsiyasi, “Yuksalish” harakati va “Ijtimoiy fikr” markazi tashabbusi bilan “Korrupsiyaga qarshi kurashish muammolari bo‘yicha mintaqaviy tadqiqot markazi” tashkil etiladi.

Yangi Markaz aholining, ayniqsa yoshlarning faolligini oshirish va jamiyatda korrupsiyaga qarshi murosasiz munosabatni shakllantirish bilan shug‘ullanadi.

Categorized in:

Mahalliy, Yangiliklar,

Last Update: 22/09/2025