Zoʻrlash jinoyatini sodir etgani uchun Interpol orqali xalqaro qidiruvda boʻlgan fuqaro Polshadan Oʻzbekistonga ekstraditsiya qilindi. Bu haqda IIV xabar berdi.
Unga ko‘ra, zo‘rlash jinoyatini sodir etgani uchun xalqaro qidiruvda bo‘lgan shaxs Polsha hududida qo‘lga olinib, belgilangan tartib-taomillar bajarilgach, jinoiy javobgarlikka tortish maqsadida Interpolning O‘zbekistondagi Milliy markaziy byurosi xodimlariga topshirildi.
Shuningdek, turli ommaviy axborot vositalarida xabar qilinganidek, Amerika Qo‘shma Shtatlaridan O‘zbekistonga noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashish doirasida mamlakatda noqonuniy ravishda bo‘lgan 39 nafar fuqaro deportatsiya qilindi.
Ular orasida Interpol kanallari orqali yirik miqdordagi firibgarlik uchun qidiruvda bo‘lgan shaxs ham bor edi. Mazkur holat AQShning O‘zbekistondagi elchixonasi va Interpolning Milliy markaziy byurosi o‘rtasidagi axborot almashinuvi va yaqin hamkorlik samarasi sifatida qayd etildi.
Jinoyatchilar Toshkent shahridagi Islom Karimov nomidagi xalqaro aeroportga yetib kelgach, huquqni muhofaza qiluvchi organlarga topshirildi.