Strategik islohotlar agentligi tomonidan Prezident qarori loyihasi ishlab chiqildi. Hujjatda kechki va tungi vaqtlarda faoliyat yurituvchi korxonalarni tashkiliy hamda moliyaviy qo‘llab-quvvatlash choralari nazarda tutilgan.
Loyihaga ko‘ra, mahalliy brend egalari tomonidan “24 soatlik ko‘chalar”da filial ochish uchun olingan kreditlar bo‘yicha foiz xarajatlari Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi tomonidan qoplab beriladi. Yangi ish o‘rinlari yaratgan korxonalarga quyidagicha kredit hajmi ajratiladi:
-
kamida 5 ish o‘rni — 1 mlrd so‘mgacha;
-
10 ish o‘rni — 5 mlrd so‘mgacha;
-
15 ish o‘rni — 10 mlrd so‘mgacha;
-
20 ish o‘rni — 15 mlrd so‘mgacha.
Kreditlar bo‘yicha foiz xarajatining bir qismi kompensatsiya qilinadi. Shuningdek, yangi xodimlarni o‘qitish va qayta tayyorlash xarajatlarining 50 foizi (bir xodim uchun BHMning 5 baravaridan oshmagan miqdorda) qoplab beriladi.
Mahalliy brend egalari ishlab chiqargan mahsulotlarga milliy sertifikat olish xarajatlari to‘liq, xalqaro sertifikatlarni olish xarajatlarining 3 ming AQSh dollaridan oshmagan qismi moliyaviy qoplab beriladi.
2025-yil 1-sentabrdan tunu-kun faoliyat yurituvchi xizmat ko‘rsatish, savdo va ko‘ngilochar obyektlarga tegishli tashqi reklama, elektron displeylar, mediafasadlar va yoritish vositalari uchun iste’mol qilingan elektr energiyasi bo‘yicha tarif koeffitsienti 3 baravardan 1,5 baravarga kamaytiriladi.