4,1 milliard so‘m bilan sotuvga qo‘yilgan “Temirchi” oltin koni auksionda67 milliard780 million 777 ming so‘mga sotilgani haqida xabar berilgandi. Hafta davomida viloyatdagi yana ikki kon sotildi.
18-avgust kuni E-auksion platformasida “Temirchi” oltin koni sotilgan bo‘lsa, ikki kundan keyin, 20-avgust kuni ertalab “Pirali” oltin koni ham sotuvga chiqarilgan va kim oshdi savdosi 23 soat 29 daqiqa davom etdi. 461 ta taklifdan so‘ng 99,09 mlrd so‘m yoki boshlang‘ich bahodan 24 baravar ko‘p taklif qilgan 111 NBK g‘olib deb topildi.
Mazkur nomdagi korxona, Korxonalar va tashkilotlarning yagona davlat reyestriga ko‘ra, 2024-yil may oyida Toshkent shahrida ro‘yxatdan o‘tgan va rangli metall rudalarini qazib olish bilan shug‘ullanadi. Korxonaning ustav kapitali 1,005 mlrd so‘m.
Bundan tashqari, 19-avgust kuni “Terekli” uchastkasida geologik o‘rganish huquqi uchun o‘tkazilgan savdolar yakunlandi. 65 gektar maydonni tashkil etuvchi “Terekli” uchastkasi Ohangaron tumani Shaugaz qishlog‘idan 9,6 km janubi-sharqda joylashgan bo‘lib, undagi oltin zaxiralari 2 tonna deb baholanmoqda.
Boshlang‘ich narx 4 mlrd 120 mln 412 ming so‘m etib belgilangan edi. Deyarli 12 soat davom etgan auksionda 377 ta taklif kelib tushgan. Kon 81 mlrd 790 mln 178 ming so‘mga sotildi. Bu esa boshlang‘ich qiymatdan qariyb 20 barobar qimmat.
“Qumtor” konida 261 tonna oltin zaxirasi borligi to‘g‘risida xabar qilingandi. Konda avvaliga oltin zaxirasi taxminan 127 tonna edi, 2024-yil va undan oldin o‘tkazilgan geologiya-qidiruv ishlari natijasida 147,5 tonna oltin zaxiraga qo‘shildi.