Uzbekistan Airways aviakompaniyaning axborot tizimlari xakerlar tomonidan buzilib, yo‘lovchilar va xodimlar haqidagi ma’lumotlar qo‘lga kiritilgani hamda ular sotuvga qo‘yilgani haqidagi xabarlarni rad etdi.
Daily Dark Web sayti darknetdagi forumlardan birida Uzbekistan Airways’ga tegishli deb aytilayotgan katta ma’lumotlar arxivi e’lon qilingani haqida xabar bergan edi. Unda kompaniyaning 400 ming yo‘lovchisi haqidagi ma’lumotlar, moliyaviy tranzaksiyalar, chiptalarning to‘liq ma’lumotlari, nikoh guvohnomalari, doimiy mijozlar dasturlariga a’zolik, pasportlar, haydovchilik guvohnomalari, tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnomalar va boshqa hujjatlarning skanerlari mavjud. Shuningdek, yo‘lovchilar va xodimlar o‘rtasidagi yozishmalardan olingan taxminan 500 mingta xabar ham saqlanayotgani ma’lum qilingan.
Aviakompaniya matbuot xizmatining bildirishicha, hozirgi vaqtda axborot tizimlariga ruxsatsiz kirish yoki yo‘lovchilar va xodimlarning shaxsiy ma’lumotlarini oshkor qilish (komprometatsiya) bilan bog‘liq birorta ham tasdiqlangan hodisa qayd etilmagan. Barcha infratuzilma odatdagi tartibda ishlamoqda.
“Bir qator nashrlarda go‘yoki ma’lumotlar sizib chiqqanining isboti sifatida keltirilgan misollar ishonchsiz va haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. Materiallarda ko‘rsatilgan ma’lumotlar bizning axborot tizimlarimizga aloqador emas va dastlabki taxminlarga ko‘ra, hodisa mavjudligi haqida noto‘g‘ri taassurot qoldirish maqsadida sun’iy ravishda yaratilgan yoki tahrirlangan bo‘lishi mumkin”, deyiladi raddiyada.
Shunga qaramay, axborot tahdidlariga javob berish bo‘yicha amaldagi tartib-qoidalar doirasida, ayrim ommaviy axborot vositalarida sizdirilgan ma’lumotlar haqida xabarlar tarqalishi munosabati bilan xizmat tekshiruvi o‘tkazilgan. Qayd etilishicha, hech qanday maʼlumotlar komprometatsiya qilinmaganiga qaramasdan, natijalar bundan keyin himoya darajasini yanada kuchaytirish maqsadida qo‘llaniladi.
Aviakompaniya matbuot xizmati internet-maydon foydalanuvchilaridan jamoatchilikni chalg‘itishi va aviakompaniyaning ishbilarmonlik obro‘siga putur yetkazishi mumkin bo‘lgan tekshirilmagan ma’lumotlarni tarqatmaslikni so‘radi.